Taksichi amaki, uning ayoli va pista haqida

13.07.2018

Bugun yumush bilan taksiga chiqishimga to‘g‘ri keldi. Qo‘yliq bozoridan Parkent bozori tomon taksi to‘xtatdim. Oldimga yangi olinganda rangi oppoq bo‘lgan, ammo hozirga kelib kirligidan “talabaning paxtada kiygan paypog‘i”ga o‘xshab qolgan Matiz kelib to‘xtadi. Taksichi amaki bilan talashib-tortishib 4 ming so‘mga ko‘ndirdim. Yoshlari 40-45 larda to‘ladan kelgan, old o‘rindiqdagi ayoli bo‘lsa kerak deb taxmin qilgandim to‘g‘ri chiqdi. Deduksiyamga qoyil!

Indamasdan bozordagi ishim tez bitganidan o‘z o‘ylarim bilan bo‘lib ketayotgandim, er-xotinning “chaq-chuqi” xayolning beliga tepdi. Er xotinidan “semechka”—pistani olib, bemalol uni chaqib, mag‘zini og‘zichasiga (vazni chamamda, 100 kgdan kam emasdi), po‘chog‘ini esa ko‘chaga—yo‘lga uloqtirar edi. Ul kishining zavjalari tarafga boqsam ham xuddi shunday “mashg‘ulot” takrorlanmoqda.

To‘g‘risi, ajablanmadim. Avtobusda ko‘p bor bunday holatlarning guvohi bo‘lgandim-da. O‘z yurti, shahri obodligi, ozodaligi eng asosiysi, “Ona Tabiat”ga ziyon yetkazayotgan ikkovlonga o‘zimcha, jazo bermoqchi bo‘ldim-da, birdan qitmirligim tutdi:

— Amaki, eshitdingizmi, endi shahar kameralari avtomobildan ko‘chaga axlat tashlaganlarni ham qayd etib, uylariga “shtraf qog‘ozlar”ni yuborar ekan.
— Yo‘g‘e, baraka topsin, Prezidentimiz! Baraka topsin ilohim, ko‘chalarimiz toza bo‘lib qolar ekan-da, deb eridan oldin javob berdi ayollari. Va qo‘llaridagi yig‘ilib qolgan pista po‘chog‘ini svetoforga yetganda xotirjam ko‘chaga uloqtirdi…

Amaki gapira olmadi. Men esa svetofordan o‘tgach tushib qoldim…